Oxirgi yangilanish: 2026-08-28
Ilova nima qiladi
Tosh va Mikro korxonaning kunlik hisobini yuritadi: nima sotildi, qancha pul kirdi, qancha xarajat bo‘ldi, kim qancha qarzdor va oy oxirida qancha foyda qoldi. Ma’lumot bulutda saqlanadi — telefon almashsa ham hech narsa yo‘qolmaydi.
Ilova uch bo‘limdan iborat. Ilova ochilganda birinchi bo‘lib bo‘lim tanlash ekrani chiqadi:
| Bo‘lim | Nima yoziladi |
|---|---|
| Karyer | Tosh sotuvi, xarajat, portlatish, pul |
| Drobilka | Ishlab chiqarish, mikrokalsit sotuvi, xarajat, pul |
| Korxona | Umumiy xarajat, bank, kredit, soliq, sozlamalar |
Ilova internetsiz ishlamaydi. Ma’lumot bulutdagi bazadan olinadi, shuning uchun yozuv kiritish uchun internet aloqasi bo‘lishi shart.
Birinchi kun — ilovani sozlash
Ilovani birinchi marta ochganingizda bosh ekranda sariq chiziq turadi: «Ilovani sozlash». Uni bossangiz to‘rt banddan iborat ro‘yxat ochiladi. To‘rttasi ham bajarilgach chiziq o‘zi yo‘qoladi.
- Mahsulotlar — nima sotasiz va nima ishlab chiqarasiz. Sozlamalar > Mahsulotlar. Har mahsulotning o‘lchov birligi (tonna, dona, m³) va bo‘limi ko‘rsatiladi.
- Texnika — Kamaz, Howo, ekskavator va boshqalar. Sozlamalar ekranidan qo‘shiladi. Sotuv va xarajat yozganda mashina shu ro‘yxatdan tanlanadi.
- Tariflar va narxlar — Sozlamalar ekranida. Bir reys uchun haydovchiga to‘lanadigan pul, ekskavatorchi haqi, ichki tosh narxi va shunga o‘xshash doimiy qiymatlar. Nolga teng turgan tarif bo‘lsa ro‘yxat bajarilgan hisoblanmaydi.
- Odamlar — mijoz, ishchi va ta’minotchi. Alohida kiritish shart emas: Sotuv yoki Xarajat shaklini to‘ldirganda yangi ism yozsangiz ro‘yxatga o‘zi qo‘shiladi.
Ro‘yxat pastida ikkita ixtiyoriy band ham bor — ular sanoqqa kirmaydi va chiziqni ushlab turmaydi:
- Xodimlar — yolg‘iz ishlasangiz kerak emas
- Boshlang‘ich qoldiq — ilovaga o‘tgan kundagi naqd pul, bank qoldig‘i va ombordagi mahsulot
Tarifni keyin o‘zgartirsangiz eski yozuvlar o‘zgarmaydi. Yangi tarif faqat bundan keyin kiritiladigan yozuvlarga qo‘llanadi. Bu ataylab shunday: o‘tgan oyning hisoboti bugungi narx bilan qayta hisoblanib ketmasligi kerak.
Mahsulot qo‘shish
Sozlamalar > Mahsulotlar. Bu ekran faqat korxona egasiga ochiq. O‘ng yuqoridagi qo‘shish tugmasini bosing va besh maydonni to‘ldiring:
- Nomi — masalan 1-sort. Bitta bo‘lim ichida bir xil nom ikki marta bo‘lmaydi: sotuv shaklida qaysi biri ekani bilinmay qoladi.
- Turi — uchtadan biri:
- Mahsulot — sotiladigan narsa (1-sort tosh, mikrokalsit)
- Xomashyo — ishlab chiqarishga kiradigan narsa (Drobilkaga tushadigan tosh)
- Material — qop va boshqa yordamchi narsa
- Bo‘lim — Karyerniki mi yoki Drobilkaniki. Mahsulot faqat o‘z bo‘limining sotuv va ishlab chiqarish shakllarida chiqadi.
- O‘lchov birligi — tonna, reys, dona yoki m³.
- Qopdagi kilogramm — faqat Material turida so‘raladi. Masalan qop 30 kg bo‘lsa 30 yozing.
Turi va o‘lchov birligi keyin o‘zgarmaydi. Tahrirda faqat nomi va qopdagi kilogramm o‘zgaradi. Sabab: «tonna» ni «reys» ga aylantirsangiz butun tarixdagi raqamlar ma’nosini yo‘qotadi. Noto‘g‘ri tur tanlansa yangi mahsulot qo‘shing va eskisini yashiring.
Mahsulot o‘chirilmaydi, yashiriladi. Yashirilgan mahsulot yangi yozuvda ro‘yxatda ko‘rinmaydi, lekin eski sotuv va hisobotlar joyida qoladi.
Tariflar va narxlarni kiritish
Sozlamalar ekranida qiymatlar besh guruhga bo‘lingan: Tariflar, Ogohlantirish chegaralari, Texnika va material normalari, Vaqt sozlamalari, Boshqa. Qiymatni bosing, yangi raqam yozing va saqlang.
Yangi korxona ochilganda normalar va vaqt sozlamalari tayyor keladi, lekin quyidagi qiymatlar nol bilan keladi — ularni o‘zingiz kiritasiz. Kiritilmagani sariq belgilanadi va Boshlash ro‘yxatidagi «Tariflar va narxlar» bandi bajarilgan hisoblanmaydi.
| Qiymat | Nima uchun |
|---|---|
| Kamaz haydovchi tarifi | bir reys uchun so‘m |
| Howo haydovchi tarifi | bir reys uchun so‘m |
| Ekskavatorchi kunlik haqi | bir kun uchun so‘m |
| Ishchi haqi — 1-sort | 1 tonnaga so‘m |
| Ishchi haqi — 2-sort | 1 tonnaga so‘m |
| Ortish haqi | sotilgan 1 tonnaga so‘m |
| Ichki tosh narxi | Karyerdan Drobilkaga o‘tgan tosh narxi, 1 tonnaga |
| Narx chegaralari (6 ta) | shundan past sotilsa ilova ogohlantiradi — Kamaz va Howo uchun franko va yetkazib, 1-sort va 2-sort franko |
| Qarz limiti | bitta mijozning qarzi shundan oshsa ogohlantiriladi |
| Kassa farqi chegarasi | oylik hisobotda kassadagi farq shundan oshsa darhol ogohlantiriladi |
Yangi texnika qo‘shsangiz uning tarifi o‘zi yaratiladi va Tariflar guruhida paydo bo‘ladi — qiymatini kiritishni unutmang.
Boshlang‘ich qoldiq
Bu — ilovada ish boshlagan kungacha yig‘ilgan holat: qo‘lingizdagi naqd pul, bankdagi qoldiq va ombordagi mahsulot. Ularsiz ilova noldan sanay boshlaydi va raqamlar haqiqatdan kam chiqadi.
Ilova buni bir marta o‘zi so‘raydi — bo‘lim tanlash ekranida oyna chiqadi:
- Ha — kiritish ekrani ochiladi
- Yo‘q, hammasi noldan — ham to‘g‘ri javob, savol boshqa chiqmaydi
- Keyinroq — ilovani keyingi safar ochganingizda yana so‘raladi
Keyin ham kirish mumkin: Sozlamalar > Boshlang‘ich qoldiq. Ekran uch kartochkadan iborat:
- Naqd pul — har bo‘limning kassasida necha so‘m bor edi
- Bank puli — har bo‘lim bo‘yicha, pastida jami ko‘rinadi
- Ombor qoldig‘i — avval bo‘limni tanlaysiz, keyin har mahsulot uchun ombordagi miqdorni yozasiz
Bu raqamlar hisobga qo‘shimcha bo‘lib qo‘shiladi: naqd va bank Pul ekranida, mahsulot esa Ombor raqamida ko‘rinadi. Ya’ni keyin o‘zgartirsangiz butun hisob o‘zgaradi — shuning uchun bir marta, tekshirib kiriting.
Ekran faqat korxona egasiga ochiq. Saqlash tugmasi o‘zgarish bo‘lmasa ishlamaydi. Saqlamay chiqmoqchi bo‘lsangiz ilova ogohlantiradi.
Xodim qo‘shish
Bo‘lim tanlash ekranida «Xodimlar va huquqlar» tugmasi bor. U yerda xodimga login va parol yaratasiz va qaysi bo‘limda ishlashini, nima qila olishini belgilaysiz. Xodim faqat o‘ziga ochilgan bo‘limni ko‘radi.
Mijoz va ishchilar
Bo‘lim tanlash ekranida «Mijoz va ishchilar» tugmasi bor. Bu Xodimlar dan boshqa narsa: bu yerdagilar ilovaga kirmaydi, ular sotuv, xarajat va pul shakllarining ro‘yxatida chiqadi.
Odam odatda shakl ichida o‘zi qo‘shiladi — sotuv yozayotganda mijoz ro‘yxatda topilmasa, o‘sha yerda yangi qo‘shasiz. Bu ekran esa keyin kerak bo‘ladi:
- Balansni ko‘rish. Har odamning o‘ng tomonida bitta raqam turadi — butun korxona bo‘yicha balans. Qizil «olamiz» — u bizga qarzdor. Yashil «beramiz» — biz unga to‘lashimiz kerak. Odam ham mijoz, ham ishchi bo‘lsa ayirmasi ko‘rsatiladi. Ikkovini alohida ko‘rish uchun Pul ekraniga qarang — u yerda «olamiz» va «beramiz» hech qachon aralashmaydi.
- Ismni tuzatish. Xato yozilgan bo‘lsa shu yerda to‘g‘rilanadi. Diqqat: eski hisobotlarda ham yangi ism ko‘rinadi — yozuvlar shu qatorga bog‘langan.
- Rolini o‘zgartirish. Bir odam bir vaqtda mijoz ham, yetkazib beruvchi ham bo‘lishi mumkin — ikkalasini belgilaysiz.
- Bank nomlari. Bank SMS da tashkilot nomi turadi, odamning ismi emas. Bir odam bir necha MCHJ nomidan pul o‘tkazsa, hamma nomni shu yerga nuqta-vergul bilan yozing — shunda SMS o‘qilganda ilova uni tanib oladi.
- Yashirish. Endi ishlamaydigan mijozni o‘chirmang, yashiring. U yangi yozuvda ro‘yxatda ko‘rinmaydi, eski sotuv va hisobotlar joyida qoladi. Qarzi bo‘lsa ilova ogohlantiradi, lekin taqiqlamaydi — qarz Pul ekranida ko‘rinib turaveradi.
- Birlashtirish. Bitta odam ikki marta yozilib qolgan bo‘lsa ikkovini bittaga qo‘shasiz.
Birlashtirish qaytarilmaydi. Tanlangan odamning butun tarixi — sotuv, qarz to‘lovi, xarajat, to‘lov, bank, xomashyo va mijoz narxi — ikkinchisiga ko‘chadi, o‘zi esa o‘chadi. Bosishdan oldin ilova nechta yozuv ko‘chishini ko‘rsatadi. O‘chirilgan odamning qatori o‘zgarishlar jurnaliga to‘liq yozib qo‘yiladi.
Yashirish va birlashtirishni faqat korxona egasi qiladi. Ism va telefonni esa tuzatish huquqi bor xodim ham to‘g‘rilay oladi.
Hisobot va pul
- Bosh ekran — bugungi holat: naqd pul, oylik foyda va asosiy raqamlar. Kunlar o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa ilova o‘zi so‘raydi.
- Pul — berilgan va olingan pul bir ekranda. Kimga qancha bergansiz, kim qancha qarzdor.
- Tarix — kiritilgan yozuvlar kun bo‘yicha. Tuzatish va o‘chirish shu yerdan qilinadi.
- Oylik hisobot — oy oxirida ombordagi qoldiq va kassadagi pul so‘raladi, ilova haqiqiy foydani chiqaradi.
- Ma’lumot eksporti — Sozlamalar > Ma’lumot eksporti. Oyni tanlaysiz, ilova CSV fayl beradi, uni Excelda ochish mumkin.
Obuna
Obuna holati va muddati Yordam ekranida ko‘rinadi (bo‘lim tanlash ekranining eng pastida). Muddat tugashiga 7 kun qolganda ilovada sariq ogohlantirish chiqadi.
Muddat tugasa ma’lumotlaringiz joyida qoladi va ko‘rinib turadi, lekin yangi yozuv kiritib bo‘lmaydi. Uzaytirish uchun Yordam ekranidagi Telegram tugmasi orqali bog‘laning.
Kirish
Login va parolni korxona egasi beradi — ilovada ochiq ro‘yxatdan o‘tish yo‘q. Kirgandan keyin sizga ochilgan bo‘limni tanlaysiz.
Kunlik ish
Bo‘limni tanlagach «Amaliyot tanlang» ekrani ochiladi. Qaysi qatorlar ko‘rinishi bo‘limga va sizga berilgan huquqqa bog‘liq:
| Amaliyot | Qachon ishlatiladi |
|---|---|
| Sotuv | Mahsulot sotilganda. Mijoz, mahsulot, miqdor, narx va to‘lov turi yoziladi |
| Xarajat | Yoqilg‘i, ehtiyot qism, ish haqi, tashqaridan olingan tosh va boshqa to‘lovlar |
| Ishlab chiqarish | Drobilkada: qancha xomashyodan qancha mahsulot chiqqani |
| Portlatish | Karyerda: portlatish ochiladi, xarajatlari bog‘lanadi, portlatilgach yopiladi |
| Pul | Berilgan yoki olingan pul, qarz to‘lovi |
Xato yozib yuborsangiz
Vahima qilmang — yozuvni o‘chirish yoki tuzatish mumkin. Tarix ekranidan kerakli kunni topib, yozuvni bosing. O‘zgartirganingiz jurnalda qayd etiladi, shuning uchun korxona egasi nima o‘zgarganini ko‘rib turadi.
Shaklni yarim tashlab ketsangiz yo‘qolmaydi. Ilova to‘ldirilgan qismini eslab qoladi va keyingi safar «davom etasizmi» deb so‘raydi.
Yangi yozuv kiritolmayapman, tugma ishlamayapti
Uch sabab bo‘lishi mumkin. Birinchisi — obuna muddati tugagan: ekran tepasida qizil chiziq turadi. Ikkinchisi — sizga bu amal uchun huquq berilmagan: korxona egasidan so‘rang. Uchinchisi — siz yozmoqchi bo‘lgan sana yopiq davrga tegishli.
«Yopiq davr» nima?
Ikkita sana bor. Hisob boshlanishi — ilova bilan ishlay boshlagan kun; u bir marta qo‘yiladi va qimirlamaydi. Yopiq sana — har oy oldinga suriladigan chegara. Shu ikkisidan qaysi biri kechroq bo‘lsa, undan oldingi kunlarga yangi yozuv kiritib ham, eskisini tuzatib ham bo‘lmaydi. Eski yozuvlar o‘chmaydi, hisobotlarda ko‘rinaveradi.
Oyni qanday yopaman?
Sozlamalar > Korxona > Oy yopish. Faqat korxona egasi qiladi. Tugma o‘tgan oy va undan oldingi hamma yozuvni qulflaydi: sotuv, xarajat, to‘lov, qarz to‘lovi, foyda va bank. Uchala bo‘lim birga yopiladi.
Tartib muhim. Avval o‘tgan oy oyligini Xarajat shaklidan kiriting — uning sanasi oyning oxirgi kuni bo‘ladi. Keyin oyni yoping. Teskarisi bo‘lsa oylik sanasi allaqachon qulflangan bo‘ladi va yozib bo‘lmaydi.
Xato topsangiz «Yopiqni ochish» bilan qaytarasiz, tuzatasiz va qayta yopasiz. Har ochish va yopish o‘zgarishlar jurnaliga yoziladi. Yopish naqd pulga, diagrammaga va hisobotlarga tegmaydi — ular Hisob boshlanishi sanasiga qarab ishlaydi.
Yozuvni qanday tuzataman yoki o‘chiraman?
Tarix ekranidan kerakli kunni toping va yozuvni bosing. Agar yozuv yopiq davrga tushib qolgan bo‘lsa tuzatib bo‘lmaydi.
Sotdim, lekin foyda o‘zgarmadi
Qarzga sotilgan mahsulot sotuv sifatida yoziladi, lekin pul hali kelmagan. Naqd pul mijoz to‘laganda, Pul ekranidan qarz to‘lovi kiritilganda o‘sadi. Mijozning qarzi Pul ekranida ko‘rinib turadi.
Yangi mahsulot qanday qo‘shiladi?
Sozlamalar > Mahsulotlar. Bu ekran faqat korxona egasiga ochiq. Endi sotilmaydigan mahsulotni o‘chirmang — yashiring: shunda eski yozuvlar joyida qoladi, lekin ro‘yxatda ko‘rinmaydi.
Sotuvda narx qayerdan keladi?
Shu mijoz uchun belgilangan narxdan: Karyerda alohida mijoz narxi, Drobilkada o‘sha mijozga oxirgi sotilgan narx. Topilmasa maydon bo‘sh keladi va narxni qo‘lda yozasiz. Narx o‘zi tushganda maydon ostida shu haqda yozuv turadi, xohlasangiz ustidan o‘zgartirasiz.
Bitta mijoz ikki marta yozilib qolsa?
Bo‘lim ekrani > Mijoz va ishchilar. Qoladigan odamni oching, pastda «Boshqa odam bilan birlashtirish» tugmasini bosing va ikkinchisini tanlang. Butun tarixi ko‘chadi, qarzi ham bitta joyga yig‘iladi. Amal qaytarilmaydi, shuning uchun ilova avval nechta yozuv ko‘chishini ko‘rsatadi.
Tarifni o‘zgartirsam eski yozuvlar qayta hisoblanadimi?
Yo‘q. Yangi tarif faqat bundan keyingi yozuvlarga qo‘llanadi.
Ma’lumotni Excelga qanday chiqaraman?
Sozlamalar > Ma’lumot eksporti. Oyni tanlaysiz, ilova CSV fayl tayyorlaydi va uni pochta, Telegram yoki fayllar dasturiga yuborish mumkin.
Parolni unutdim
Xodim bo‘lsangiz korxona egasiga ayting — u yangi parol beradi. Korxona egasi bo‘lsangiz Yordam ekranidagi Telegram orqali bizga yozing.
Telefonim almashsa ma’lumot yo‘qoladimi?
Yo‘q. Ma’lumot telefonda emas, bulutdagi bazada saqlanadi. Yangi telefonga ilovani o‘rnatib, o‘sha login va parol bilan kirsangiz hammasi joyida turadi.
Bir nechta odam bir vaqtda ishlashi mumkinmi?
Ha. Har xodim o‘z telefonidan kiradi, yozuvlar bitta umumiy bazaga tushadi. Kim nima yozgani saqlanib boradi.
Bosh ekranda «o‘tkazib yuborilgan kun» so‘ralyapti
Ilova orqaga bir hafta qarab, hech qanday yozuv kiritilmagan kunlarni topadi va o‘sha kunda ish bo‘lgan yoki bo‘lmaganini so‘raydi. Ish bo‘lmagan bo‘lsa shunday deb belgilang — kun bo‘sh emas, «ish bo‘lmagan» deb yopiladi.
Akkauntimni o‘chirmoqchiman
Bo‘lim tanlash ekranining pastidagi «Akkauntni o‘chirish» havolasi orqali. Batafsil tartib va nima saqlanib qolishi alohida sahifada yozilgan.